“Atletiko” va “Barselona ” (2:0) o‘rtasidagi Yevropa Chempionla Ligasi chorak final javob o‘yinini boshqarib borgan italiyalik hakam Nikola Ritssoli asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda “Atletiko” darvozasiga penalti belgilamay xatoga yo‘l qo‘yganini tan oldi, deb xabar bermoqda “Sports.ru”.
“Himoyachining (Gabi – ‘Daryo’ izohi) oyog‘i jarima maydonchasi chizig‘i tashqarisida turgandi. Afsuski, ushbu holat meni chalg‘itib qo‘ydi. Agar futbolda texnologiyalar ishlatilganida bunday xatolar bo‘lmas edi. Futbolda soniyalar ko‘p narsani hal qiladi, texnologiyalar yordamida esa futbolchilarning xatti-harakatlarini aniq baholash imkoni bo‘lardi. Mazkur o‘yinning 93-daqiqasiga qadar yaxshi ishladik. Ammo yagona xatolik ishimizga bo‘lgan taassurotni salbiy tomonga o‘zgartirdi”, – dedi Ritssoli.
Eslatib o‘tamiz, “Atletiko” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (1:2, 2:0) “Barselona”ni mag‘lubiyatga uchratib, YeChL yarim finaliga chiqdi. Diyego Simeone jamoasi YeChL yarim final dastlabki o‘yinini bugun, 27-aprel kuni “Bavariya”ga qarshi o‘tkazadi. “Daryo” mazkur uchrashuvdan matnli onlayn uyushtiradi.
Izoh (0)