Futbol bo‘yicha Italiya A seriyasining 35-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Unga ko‘ra “Verona” jamoasi kelasi mavsumni mamlakat B seriyasida o‘tkazadigan bo‘ldi.
35-turga kelib nafaqat quyi ligaga tushib ketgan jamoa nomi, balki mamlakat chempioni ham aniqlandi. Qolgan uch tur Chempionlar Ligasida qaysi jamoalarning ishtirok etishi va B seriyaga ravona bo‘ladigan yana ikki klub nomiga oydinlik kiritib beradi.
“Milan” klubining Chempionlar Ligasida ishtirok etmasligi ma’lum edi. “Verona”dan qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan keyin jamoaning Yevropa Ligasida ishtirok etish masalasi ham xavf ostida qoldi. 35-turdan keyin milanliklar 53 ochko bilan A seriyaning oltinchi jamoasi bo‘lib turibdi, 7-pog‘onadagi “Sassuolo” hisobida 52 ochko bor.Qayd etish kerak, “Milan” “Verona”ni o‘z maydonida kechgan birinchi o‘yinda ham mag‘lub eta olmay, 1:1 hisobiga rozi bo‘lgandi.
O‘z navbatida “Verona”ning A seriya bilan xayrlashuviga “Karpi” klubining g‘alabasi sabab bo‘ldi. Ligada jon saqlab qolish ilinjida harakat qilayotgan debyutant jamoa “Empoli” ustidan zafar quchdi va ochkolari sonini 35 taga yetkazdi.
Oldindagi uch tur davomida 32 ochkoga ega “Palermo” hamda 30 ochkosi bor “Frozinone” klublari A seriyada qaysi jamoa qolishi masalasini hal etishga urinadi.
Italiya A seriyasi 35-tur bellashuvlari 25-aprel, dushanba
Izoh (0)