Iroq parlamenti — Vakillar kengashi mamlakatning amaldagi tashqi ishlar vaziri Ibrohim al-Ja’fariyni iste’foga chiqarishni bir ovozdan yoqlab chiqdi. Bu haqda, “as-Sumariya” telekanaliga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Al-Ja’fariy bosh vazir Haydar al-Abadiy tomonidan iste’fosi uchun parlament ovoziga qo‘yilgan vazirlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Vazirlar mahkamasi rahbarining fikricha, deputatlar bir necha vazirni bo‘shatib, yangi hukumatga o‘n nafar yangi vakilni saylashi kerak edi. Ammo parlamentga o‘z takliflarini izhor etish uchun kelgan al-Abadiy deputatlarning dahanaki hamlalari natijasida binoni tark etishga majbur bo‘ldi.
Bosh vazir taklif etgan ayrim yangi nomzodlar deputatlar tomonidan ma’qullanmadi. Bundan tashqari, Vakillar kengashi al-Abadiyga vazirlarni almashtirish uchun ikki kun muddat berdi. Bu bilan parlament amalda bosh vazirning qisqa muddatda iqtisodiyotni isloh qila oladigan “texnokratlar mahkamasi”ni shakllantirish borasidagi tashabbusini yoqlaganini bildirdi.
Izoh (0)