Hindiston janubida hukm surayotgan issiq ob-havo tufayli oxirgi ikki hafta mobaynida kamida 200 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda, mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Qurbonlar Odishya, Telangana, Andxra-Pradesh shtatlarida qayd etildi. Faqatgina Telangana shtatida qurbonlar soni 100 kishidan oshdi.
“Biz yoz mavsumi eng issiq pallasiga yetmay turib qurbonlar soni hayratlanarli darajada ko‘p bo‘layotganini qayd qilmoqdamiz, bu bizni favqulodda choralar ko‘rishga majbur etmoqda”, — tan oldi Andxra-Pradesh shtati bosh vaziri Chandrababu Naydu.
Yuqorida tilga olingan shtatlarda kunduzgi soatlarda havo harorati 43 darajadan oshmoqda; bu me’yordan 5–6 daraja yuqoridir. Eng yuqori harorat Odishyada kuzatildi — shtatning katta qismida Selsiy bo‘yicha 46 darajada issiq havo hukm surmoqda. O‘tgan hafta mobaynida bu yerda issiq urishidan kamida 45 kishi halok bo‘ldi.
Prognozlarga ko‘ra, bu yili Hindiston janubida havo haroratining eng yuqori ko‘rsatkichi 48 darajadan oshadi.
Izoh (0)