O‘zbekistonlik tennischi Temur Ismoilov Buxoro shahrida davom etayotgan, mukofot jamg‘armasi 25 ming dollarni tashkil qiluvchi Bukhara International tennis turnirining finaliga chiqdi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, dastlabki yarim finalda ikki nafar o‘zbekistonlik tennischi — Temur Ismoilov va Humoyun Sultonov o‘zaro bahs olib bordi. Ikki soat 21 daqiqa davom etgan bellashuvda 6:2, 6:7, 6:4 hisobi qayd etilib, Ismoilovning foydasiga hal bo‘ldi.
Ikkinchi yarim finalda belaruslik Ilya Ivashka Bosniya va Gersegovina vakili Tomislav Brkichni 7:6, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Musobaqa finalida o‘zbekistonlik tennischi Ilya Ivashkaga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Temur Ismoilov ilk davrada o‘zbekistonlik Pavel Soyni 6:2, 6:2, ikkinchi davrada serbiyalik Iliya Vuchichni 6:2, 6:1, chorak finalda esa Mixail Ledovskixni 6:1, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Izoh (0)