8-aprel kuni Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi muxtor elchisi janob Vinod Kumar va Hindiston elchixonasi birinchi kotibi janob Shri D.K.Sharma Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi J.Neru nomidagi O‘zbek—Hind axborot texnologiyalari markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mehmonlar markaz faoliyati va kelgusi rejalari bilan tanishdi. Universitet rektori U.Xamdamov bugungi kunda universitet hayotida J.Neru nomidagi O‘zbek—Hind axborot texnologiyalari markazi faoliyatining roli hamda kelgusida mazkur markaz faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Hindistondagi hamkor tashkilot CDAC — “Ilg‘or axborot texnologiyalari o‘quv markazi” bilan hamkorlikni davom ettirish, jumladan, malakali o‘qituvchilarni taklif qilish, universitet o‘qituvchilarining malakasini oshirish masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
O‘z navbatida, Vinod Kumar tomonidan mazkur masalalar yuzasidan Hindistonning CDAC — “Ilg‘or axborot texnologiyalari o‘quv markazi”ga ushbu takliflarni yetkazishi, markaz faoliyatida bugungi kunga qadar erishilgan yutuqlardan juda xursandligini bildirdi.
Tashrif oxirida 2015-yil oktabr—2016-yil mart oylarida Web programming, Java, Data communication & Networking o‘quv kurslarini tamomlagan 40 nafar talabaga J.Neru nomidagi O‘zbek—Hind axborot texnologiyalari markazining sertifikatlarini topshirish marosimi bo‘ldi.
Izoh (0)