Toshkentdagi Inha universiteti (IUT) va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) o‘rtasida 8-aprel kuni ta’lim va ilmiy hamkorlik sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda “Infocom.uz” xabar berdi.
IUT rektori Sherzod Shermatov hamda TATU rektori O‘tkir Hamdamov davlat organlari, xususiy IT kompaniyalari va OAV vakillari ishtirokida memorandumni imzoladi.
Anglashuv doirasida ikki bilim dargohi talabalar almashish, shu jumladan, yozgi maktablar dasturlaridagi ishtirok yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.
Shuningdek, tomonlar o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va ma’muriyat vakillari o‘rtasidagi tajriba almashishni kengaytiradi.
Bundan tashqari, hamkorlikda turli tadbirlar, jumladan, ma’ruzalar, mahorat maktablari, konferensiyalar, seminarlar, to‘garaklar, tanlovlar, olimpiadalar, ko‘rgazmalar tashkil etiladi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri ilmiy tadqiqotlarga daxldordir. Inha universiteti qoshidagi innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyasi markazi hamda TATU qoshidagi ta’limda, ilm-fanda va ishlab chiqarishda innovatsion hamkorlikni rivojlantirish markazi birgalikda tadqiqotlar natijalari va innovatsiyalarni taqdim etib boradi.
Izoh (0)