Ispaniyaning “Barselona” jamoasi rahbariyati Braziliya futbol konfederatsiyasi rahbarlarini braziliyalik hujumchi Neymar Amerika Kubogi–2016 turnirida ishtirok etmasligi haqida xabardor qilmoqchi, deb xabar beradi “Sportbox.ru”.
Kataloniyaliklar 24 yoshli hujumchiga terma jamoa safida faqatgina Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarining futbol musobaqasida ishtirok etishga ruxsat bergani haqidagi xabarnomani jo‘natadi. “Barselona” rahbariyatining bunday qarorga kelishining sababi Neymarning Yevropada og‘ir kechgan mavsumdan so‘ng iyun oyida dam olishi kerakligi bilan izohlanmoqda.
Braziliya milliy va olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlos Dunga “Barselona” hujumchisi Neymarning ham Amerika Kubogi, ham Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishini xohlayotgandi.
Futbolchining o‘zi Amerika Kubogi–2016 turnirida Braziliya termasiga chorak final bahslaridan boshlab yordam berish taklifi bilan chiqdi, ammo “ko‘k-anorranglilar” bunga ko‘nmadi.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yilgi Amerika Kubogi turniri 3–26-iyun kunlari AQShda, Rio—2016 Olimpiada o‘yinlari esa 5–21-avgust kunlari Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)