O‘zbekiston terma jamoasi va Ukraina chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan Maksim Shatskix futbolchilik faoliyatini yakunlagani haqida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
37 yoshli Maksim Shatskix endi murabbiylik faoliyatini boshlaydi. O‘zbekiston terma jamoasining sobiq hujumchisi Ukrainaning “Dinamo–1999” jamoasini boshqarayotgan Vitaliy Kosovskiyga assistentlik qiladi.
“Murabbiylik faoliyati haqida anchadan beri o‘ylab yurgan edim. Kichik jarohat olgach, futbolchilik faoliyatimni yakunlashga qaror qildim. Jarohatim u qadar jiddiy emas. Agar taklif kutadigan bo‘lsam, yozgacha sabr qilish lozim edi. Biroq aniq taklif olmadim. Hozircha murabbiylikni o‘rganaman va tajriba to‘playman”, — dedi Shatskix.
Shatskixning so‘nggi ish joyi Vinnikovning “Rux” klubi bo‘lgan edi. U 1999–2009-yillarda “Dinamo” tarkibida harakat qilgan va 215 o‘yinda 97 ta gol urgandi. Kiyevning “Arsenal” jamoasida esa 85 o‘yinda 22 ta gol kiritgan. U, shuningdek, Ukrainaning “Chernomorets”, “Goverla” klublarida va Qozog‘iston chempionatida ham to‘p surgan.
Maksim Shatskix O‘zbekiston terma jamoasi safida 61 o‘yinda maydonga tushib, 34 ta gol kiritgan. U O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng yaxshi to‘purari hisoblanadi.
Izoh (0)