Shvetsiya futbol federatsiyasi “Norrchyoping” klubi ustozi Yanne Andersson mamlakat terma jamoasining yangi bosh murabbiyi bo‘lishini tasdiqladi, deb xabar beradi “TASS”.
Tayinlov munosabati bilan 7-aprel, payshanba kuni Shvetsiya terma jamoasiga tegishli “Frendz Arena” o‘yingohida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.
Yanne Andersson Fransiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha 2016-yilgi Yevropa chempionatidan so‘ng yangi lavozimida ish boshlaydi. Shvetsiyalik mutaxassis qo‘li ostida “Norrchyoping” jamoasi 2015-yilda Shvetsiya chempioni bo‘lgandi.
Shvetsiya terma jamoasini 2009-yildan buyon boshqarib kelayotgan Erik Xamren jamoani 2014-yilda, Braziliyada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga olib chiqa olmagan. O‘shanda shvetsiyaliklar o‘tish o‘yinida Portugaliyaga imkoniyatni boy bergandi.
Yevro–2016 turniriga saralash bahslari guruh bosqichida Shvetsiya termasi Avstriya va Rossiyadan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. O‘tish o‘yinida Daniyani mag‘lubiyatga uchratgan Shvetsiya termasi musobaqaning final bosqichiga yo‘l oldi. Yevro–2016 turniri guruh bosqichida shvetsiyaliklar Irlandiya, Italiya va Belgiya termalariga qarshi bahs olib boradi.
Izoh (0)