Jahon boks tashkiloti (WBO)ning og‘ir vazn toifasidagi qit’alararo chempioni, ukrainalik Aleksandr Usik sparring mashg‘ulotlarida jarohat olgani uchun britaniyalik Stiven Simmonsga qarshi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan chempionlik jangi qoldirildi, deb xabar beradi “iSport.ua”.
K2 Promotions Ukraine promouterlik kompaniyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, ukrainalik bokschi sparring mashg‘ulotlari vaqtida tizzasidan jarohat olgan. Uning tiklanish muddati kechroq ma’lum qilinadi.
Aleksandr Usik va Stiven Simmons o‘rtasidagi jang joriy yilning 23-aprel kuni, Kiyev shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi.
“Hammaga salom. Afsuski, sparring mashg‘ulotlarida oyog‘imdan jarohat olganim uchun 23-aprel kuni ringga chiqa olmayman. Tiklanish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Mening ahvolim yaxshi. Barchaga rahmat, sog‘-salomat bo‘linglar”, – deya Instagram’dagi sahifasida videomurojaat qoldirdi Usik.
Ukrainalik bokschining bo‘lajak raqibi Stiven Simmons ushbu voqeaga o‘z munosabatini bildirdi.
“Afsus bilan xabar qilamanki, Usik mashg‘ulotlar vaqtida jarohat oldi va bizning jangimiz qoldirildi. Barcha qo‘llab-quvvatlaganlarga rahmat”, – deydi britaniyalik bokschi.
Ma’lumot uchun, Aleksandr Usik professional bokschi sifatida 9 ta jang o‘tkazib, barchasida nokaut bilan g‘alaba qozongan. Stiven Simmons 15 jangdan 14 tasida g‘alaba (6 tasida nokuat) qozongan va 1 ta jangda mag‘lubiyatga uchragan.
Izoh (0)