“Manchester Yunayted” futbol klubining sobiq bosh murabbiyi ser Aleks Fergyuson “Lester” jamoasi joriy mavsum Angliya chempionligini qo‘lga kiritishiga shubha qilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda “Chempionat” xabar berdi.
“‘Lester Siti’ Angliya chempionligini qo‘lga kiritadi. Shubha yo‘qki, u Premyer-liganing joriy mavsumdagi eng yaxshi jamoasidir. ‘Lester’ qolgan jamoalarga qaraganda chempionlikka haqliroq. Ko‘pchilik jamoada tajribaning yetishmasligi uning imkoniyatlariga ta’sir qiladi, deb taxmin qilyapti, biroq bu bo‘shliq aqlbovar qilmas energiya va hamjihatlik evaziga to‘ldirilmoqda”, — deydi Fergyuson.
Ser Aleks “Lester”ning asosan kichik hisobda zafar quchayotgani borasida ham to‘xtalib, shunday fikr bildirdi: “Ha, shunday. Mavsumlarning birida men ham ‘Manchester Yunayted’ bilan sakkiz uchrashuvda kichik hisobda g‘alaba qozonganman. Yana bir muhim jihat — ‘tulkilar’ katta bosimni yenga olayapti. Buning hammasi jamoa bosh murabbiyining sharofati bilan”.
“Lester” Angliya Premyer-ligasining 31-turidan keyin eng yaqin ta’qibchisini 5 ochko ortda qoldirgani holda turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi.
Izoh (0)