14-mart, dushanba kuni Qozog‘istonning Qarag‘andi viloyat sudi apellyatsion kollegiyasi sobiq bosh vazir Serik Ahmetov ishi yuzasidan apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqib, o‘z xulosasini o‘qib eshittirdi, deb xabar beradi “Zakon.kz”.
“Ahmetov tomonidan yetkazilgan 2 milliard 254 million 445 ming 707 tenge miqdoridagi zarar to‘la qoplanganini inobatga olgan holda, kollegiya sudlanuvchi Ahmetovga belgilangan jazoni yumshatish kerak, deb hisoblaydi”, — dedi apellyatsion kollegiya raisi Rashid Nurmag‘ambetov.
O‘tgan yil dekabrida sud Ahmetovni pora olganlikda, mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda, tadbirkorlik faoliyatida noqonuniy ishtirok etganlikda va o‘zganing mol-mulkini juda katta miqdorda o‘zlashtirganlikda ayblab, 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilgan edi. Ahmetovning advokatlari dekabr oyining oxirida ishning apellyatsion instansiyaga oshirilishiga erishgan edi. Endilikda jazo muddati 8 yilga tushirildi, shuningdek, sobiq amaldorning mol-mulki musodara qilinadigan bo‘ldi.
Serik Ahmetov Qozog‘iston hukumatini 2012-yildan 2014-yilga qadar, uy qamog‘iga olingunicha boshqarib kelgan.
Izoh (0)