Doping mojarosi tufayli mushkul vaziyatga tushib qolgan rossiyalik tennischi Mariya Sharapova o‘z muxlislariga murojaat etib, sportchilar uchun meldoniy preparatining taqiqlanishi yuzasidan besh marta ogohlantirish olgani haqidagi xabarlarni inkor qildi. “RBK”ning ma’lum qilishicha, bu haqda Sharapova Facebook’dagi sahifasi orqali aytib o‘tgan.
“Taqiq haqida bilmaganimni aytib, o‘zimni oqlamoqchi emasman. 2015-yil 22-dekabrda elektron pochta orqali maktub olganim haqida gapirgan edim. Uning mavzusi ‘2016-yil uchun tennisda dopingga qarshi kurash dasturiga kiritiladigan asosiy o‘zgartirishlar’ edi. Men unga ko‘proq e’tibor qaratishim lozim edi. Lekin boshqa ‘xabarlar’chi? Ular informatsion tarqatmalar, veb-saytlar yoki reklama xatlari ostida ko‘milib ketgan”, — deb tushuntirdi tennischi.
Ilgariroq The Times nashri Sharapova meldoniy moddasining taqiqlanishi borasida kamida besh marta ogohlantirilgani haqida yozgan edi. Nashrning qayd qilishicha, Butunjahon antidoping agentligi (WADA) meldoniyni taqiqlangan preparatlar ro‘yxatiga kiritilishi haqida sportchilarga 2015-yilning sentabr oyidan boshlab xabarnoma bera boshlagan. Shuningdek, Mariya Sharapova bu haqda xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) hamda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan xabardor etilgan.
Izoh (0)