Kecha, 2-mart kuni Osiyo Chempionlar Ligasi “D” guruhi 2-turida Qarshining “Nasaf” jamoasi o‘z maydonida Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubi bilan bahs olib borib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyev ishtirok etdi, deb xabar beradi “Championat.asia”.
- G‘alaba bilan barcha muxlislarni tabriklayman. “Al-Ahli”ni o‘rganganimiz o‘z samarasini berdi. Ayniqsa, hisob qisqarganidan keyingi vaziyatlar haqida ham alohida gapirib o‘tish mumkin, — deydi Ro‘ziqul Berdiyev.
- Balki biz ham ayyorlikni o‘rganarmiz, hadeb arablarni o‘yinini tomosha qilmasdan?
- Atayin o‘rgatmaymiz. Lekin ayrim futbolchilar shunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutishni biladi.
- Erkin Boydullayevning qizil kartochkasiga berilgan apellyatsiyaning javobi qanday bo‘ldi?
- Buni OFK bir oy davomida ko‘rib chiqar ekan. Shuning uchun bugungi vaziyatda uning xizmatidan foydalana olmadik.
- Ko‘rindiki, raqib himoyasida muammolar yetarlicha bo‘ldi. Nima uchundir, birinchi bo‘limda yarim himoyachilar juda ham yaxshi vaziyatda turgan hujumchilarga to‘g‘ri pas bera olmadi...
- “Al-Ahli” himoyasining bo‘shligini biz ham bilardik. Menimcha, kuchli hayajon va bosim tufayli hujum hamda yarim himoya o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘limda esa bu muammoni yechgandek bo‘ldik.
- Dilshod Rahmatullayevda sariq kartochka bo‘lishiga qaramay, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida raqib futbolchisi bilan aytishdi. Hakamning og‘zaki ogohlantirishiga qaramay tinchishni istamadi. Bu jamoaga qimmatga tushishi mumkin edi...
- To‘ppa–to‘g‘ri. Aynan shu vaziyat boshlanganida Arturni chaqirib Dilshodni hovuridan tushirishi lozimligini aytmoqchi bo‘lgan edim, ammo muxlislarga to‘la stadionda buni uddasidan chiqa olmadik. U bilan mazkur vaziyat haqida gaplashamiz. Sababi keyingi o‘yinlarda bunday muammolar bo‘lishi kerak emas.
Izoh (0)