Argentina termasi va “Napoli” sobiq futbolchisi Diyego Maradona FIFA prezidentligiga Janni Infantino saylanishini yuzasidan izoh berdi, deb yozadi “Chempionat”.
Maradona Infantinoni firibgar deb hisoblaydi hamda u FIFA sobiq rahbari Yozef Blatter va UEFAning lavozimidan chetlashtirilgan prezidenti Mishel Platini bilan bog‘liq barcha ishlardan xabardor bo‘lganiga ishonchi komil.
“Infantino — xoin va buning uchun javob beradi. AQSh FIFA ishini tekshirishni hali yakunlamadi. Infantino Blatter va Platinining barcha xatlari bilan shug‘ullangan. Nahotki u hech narsani bilmagan bo‘lsa? Buning uchun ahmoq yoki qarib, quvvatdan qolgan bo‘lish kerak. U o‘z xo‘jayini Platinini himoya qilish uchun FIFA prezidenti bo‘ldi”, — dedi Maradona.
26-fevral, juma kuni Shveysariyaning Syurix shahrida FIFAning yangi rahbarini tayinlash uchun saylov bo‘lib o‘tdi. Unda UEFA bosh kotibi lavozimida faoliyat olib borgan Janni Infantino g‘olib bo‘ldi. Infantino saylovning ikkinchi turida 115 ta ovoz to‘plab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va 4 yilga FIFA prezidenti etib saylandi.
Izoh (0)