Bugun, 28-fevral kuni Angliya Premyer-ligasi 27-tur markaziy o‘yinida “Manchester Yunayted” jamoasi “Old Trafford” stadionida “Arsenal” futbolchilarini qabul qildi. Unda mankunianlar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi, deb xabar beradi “Sports.ru”.
Dastlabki bo‘limning 29-daqiqasida “Manchester Yunayted”ning 18 yoshli hujumchisi Markus Reshford hisobni ochgan bo‘lsa, 3 daqiqa o‘tar-o‘tmas uning o‘zi hisobni oshirdi. 40-daqiqada “to‘pchilar” Denni Uelbekning boshi bilan kiritgan goli evaziga hisobni qisqartirdi – 2:1.
Ikkinchi bo‘lim ham anchagina qiziqarli o‘tdi. 65-daqiqada Ander Errera jamoadoshi Markus Reshfordning uzatmasidan so‘ng Petr Chex qo‘riqlayotgan darvoza tomon zarba yo‘lladi. Uning zarbasi “Arsenal” himoyachisi Loran Kosyelniga tegib, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi va to‘p darvoza to‘ridan joy oldi. 69-daqiqada Mesut O‘zil hisobni qisqartirishga erishdi, ammo ushbu gol o‘yinda so‘nggisi bo‘ldi.
Mazkur g‘alabadan so‘ng “Manchester Yunayted” jamoasi ochkolar sonini 44 taga yetkazib, turnir jadvalida beshinchi o‘rindan joy oldi. “Arsenal” klubi 51 ochko bilan uchinchi pog‘onada qolib ketdi.
Angliya Premyer-ligasi, 27-tur
“Manchester Yunayted” – “Arsenal” – 3:2 (2:1)
Gollar: 1:0 – 29 Reshford, 2:0 – 32 Reshford, 2:1 – 40 Uelbek, 3:1 – 65 Errera, 3:2 – 69 O‘zil.“Manchester Yunayted” – De Xea, Blind, Varela, Roxo (Fosu-Mensa, 55), Kerrik, Errera (Ueyr, 90), Shnayderlin, Lingard, Mata, Depay, Reshford (Yanuzay, 80).
“Arsenal” – Chex, Kosyelni, Monreal, Gabriel, Belyerin, Koklen (El-Nenni, 70), O‘zil, Uolkott (Jiru, 63), Remzi, Sanches, Uelbek (Ivobi, 83).
Ogohlantirishlar: Varela (9), Kerrik (22), Remzi (71), Errera (72), El-Nenni (73), O‘zil (90), Yanuzay (90).
Izoh (0)