Facebook foydalanuvchilari mustaqil ravishda o‘z reklamasini yaratish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda “Terabayt.uz” yozmoqda.
Mobil qurilmalar uchun joriy qilinayotgan yangi Canvas interaktiv reklama formati matn, slayd-shou, foto va video yordamida ijtimoiy tarmoqda muayyan mahsulotni reklama qilish maqsadida ishga tushirilmoqda.
Canvas xizmati orqali tayyorlanadigan reklamalar iOS va Android qurilmalarida namoyon bo‘ladi. U tarmoq foydalanuvchisining joniga tegadigan uslubda emas, balki tanlov asosida namoyish etiladi. Ya’ni yangiliklar lentasida mazkur reklama formati odatiy reklamadan farq qilmaydi. Foydalanuvchi ulardan birini tanlab bossa, u to‘liq ekranli interaktiv reklamaga aylanadi. Ekranning chap burchagidagi “X” belgisini bosib yana yangiliklar lentasiga qaytish mumkin bo‘ladi.
Canvas reklama bloklari veb-interfeys jarayonida tayyorlanadi. Uni tayyorlashda reklama beruvchidan dasturlash yoki dizaynerlik bo‘yicha alohida professional ko‘nikmalar talab qilinmaydi. Bu turdagi ijodiy reklama sinovdan o‘tkazish vaqtida foydalanuvchilar tomonidan iliq qarshi olingan. Har bir foydalanuvchi o‘rtacha 30–70 sekund ichida o‘z mahsulotining reklamasini tarmoqqa yuklashga muvaffaq bo‘lgan.
Yangicha reklama shaklini Facebook’ning Power Editor dasturi foydalanuvchilari qo‘llashi mumkin.
Funksiyaning shaxsiy kompyuterlarga mo‘ljallangan talqini haqida biror ma’lumot yo‘q.
Izoh (0)