Yaponiyadagi eng yirik “Yamaguchi-gumi” yakudza jinoiy guruhi tarkibidan bir yil ichida 9 mingdan ortiq kishi chiqib ketdi, undan ajralib chiqqan “Kobe Yamaguchi-gumi” esa mamlakatdagi guruhlar orasida odamlari soni bo‘yicha uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bu haqda “RIA Novosti” agentligi xabar bermoqda.
NHK telekanalida aytilishicha, 2015-yil oxirida “Yamaguchi-gumi” tarkibida 14,1 ming a’zo bo‘lib, ular 44 prefektura hududida faoliyat yuritgan. 2014-yildan buyon guruh a’zoligidan 9,3 ming kishi voz kechgan. “Kobe Yamaguchi-gumi” a’zolari soni esa 2016-yil boshida 6 ming kishini tashkil qilgan.
“Yamaguchi-gumi” ilgari 23 ming kishini, ya’ni mamlakatdagi barcha yakudzalarning 43 foizini birlashtirar edi. 2015-yil avgustida tashkilotdan 3 ming kishi chiqib ketib, yangi “Kobe Yamaguchi-gumi” guruhiga asos solgandi.