2016-yil 23-fevral kuni Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazida Korporativ boshqaruv kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi va Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur konferensiyada respublika va xorijiy davlatlarda korporativ boshqaruvni takomillashtirishning zamonaviy tendensiyalari, aksiyadorlik jamiyatini boshqarish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan korporativ boshqaruv Kodeksining asosiy yo‘nalishlari va qoidalari hamda korporativ boshqaruv sohasidagi xalqaro standartlar va me’yorlarni aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar va vazifalari tushuntirildi hamda muhokama qilindi.
Tadbirda 100 dan ortiq ishtirokchi, shu jumladan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, BMTning taraqqiyot Dasturi, O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari, Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi va Indekon (Germaniya) kompaniyasining xalqaro ekspertlari hamda aksiyadorlik kompaniyalar va qo‘shma korxonalarning rahbarlari ishtirok etdi.
Konferensiyada, biznes vakillari bilan ochiq muloqot uyushtirildi va unda aksiyadorlik jamiyatlari samaradorligini oshirish, aksiyadorlar huquqlarini ishonchli himoya qilishga, ularning boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining amaliyotdagi ijrosi hamda ushbu sohadagi dolzarb muammolar va masalalar muhokama qilindi.
Izoh (0)