“Sever” batalyoni rotasining sobiq komandiri Ruslan Geremeyev siyosatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishiga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda “Rosbalt” bergan ma’lumotlarga asosan “Gazeta.ru” xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Tergov qo‘mitasi tomonidan qotillikni sodir etganlikda gumon qilingan shaxslarga nisbatan olib borilgan tergov harakatlarining tugatilganligi e’lon qilingach, Geremeyev respublikada tez-tez ko‘rina boshladi. Shunga qadar u tog‘li qishloqlarning biridan chiqmaslikka harakat qilib kelgan.
Geremeyevning ta’kidlashicha, u o‘ziga yuklatilgan vazifalar bilan shug‘ullanish maqsadida Moskvaga xizmat safari bilan kelgan. Poytaxtda Geremeyev Chechenistonning rasmiylariga hamroh bo‘lib, ularning xavfsizligini ta’minlagan.
“Bu ish mening asosiy vaqtimni olib, boshqa hech narsa bilan shug‘ullanmaganman. Nemsov bilan bog‘liq bo‘lgan bu voqea qayerdan paydo bo‘lganligini bilmayman. Mening ham, doimo mening yonimda bo‘lgan Zaur Dadayevning ham qotillikka aloqamiz yo‘q”, ― dedi Geremeyev.
Eslatib o‘tamiz, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Ruslan Geremeyev siyosatchi Boris Nemsovning o‘limiga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)