Dunyo bo‘yicha 5,5 millionga yaqin odam har yili havoning ifloslanishi oqibatida halok bo‘ladi. Bu haqda Amerika fan taraqqiyoti uyushmasi ma’lumotiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar beradi.
Elektr stansiyalari, zavodlar, transport, shuningdek, ko‘mir yoqish natijasida havoda paydo bo‘luvchi zaharli mikrozarralardan nafas olish yurak kasalliklari va o‘pka saratoni bilan kasallanish xavfini jiddiy ravishda oshiradi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, havoning ifloslanishi boshqa xavfli sabablar — to‘yib ovqatlanmaslik, semirish va giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish kabilarga qaraganda ko‘proq o‘limga olib keladi.
Isfoslangan havo sababchi bo‘lgan o‘lim holatlarining yarmidan ko‘pi Xitoy va Hindistonga to‘g‘ri keladi. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, Xitoyda yiliga 1,6 millionga yaqin o‘lim holati havoning ifloslanishi bilan bog‘liq, Hindistonda esa bu ko‘rsatkich 1,3 millionga yaqinni tashkil etadi.