13-fevral, shanba kuni Toshkentda o‘tkazilayotgan futzal bo‘yicha Osiyo chempionati guruh bosqichi, ikkinchi tur o‘yinlariga yakun yasaldi. “C” va “D” guruhlarida ikkitadan o‘yinlar o‘tkazildi va ushbu o‘yinlar har ikki guruhdagi vaziyatga oydinlik kiritib, chorak final yo‘llanmalari masalasini hal qildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“C” guruhidagi dastlabki uchrashuvda Xitoy Taypey terma jamoasi Tailandga qarshi maydonga tushib, 2:7 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu guruhdagi ikkinchi o‘yinda esa Tojikiston terma jamoasi 1:8 hisobida Vyetnamga mag‘lub bo‘ldi.
Bu guruhda Tailand hamda Vyetnam jamoalari ikkinchi turdan keyin 6 ochkodan to‘plab, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
“D” guruhida ham chorak final yo‘llanmasi sohiblari ikkinchi turdan keyinoq aniq bo‘lib ulgurdi.
Bu turda Malayziyani 11:1 hisobida mag‘lub etgan Yaponiya hamda qiyin o‘yinda 5:2 hisobida Qatarni yenga olgan Avstraliya terma jamoalari chorak finalga yo‘l oladigan bo‘ldi.
So‘nggi tur oldidan faqatgina “A” guruhida chorak finalchilardan birining nomi noma’lum bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, “A” guruhida ishtirok etayotgan O‘zbekiston futzal termasi 2-turdan keyin guruhda birinchi o‘rinni naqd qilgandi.
Izoh (0)