AQShda 1988-yildan buyon OIV aniqlangan donorlar a’zolarini ko‘chirib o‘tkazishga taqiq amal qilib kelgan va 2013-yilning noyabrida Barak Obama tomonidan bekor qilingan edi. Shifokor Dorri Segevning baho berishicha, har yili Amerikada OIV aniqlangan donorlarning 500—600 ga yaqin a’zosi bekor ketadi. Bu haqda The New York Times ma’lumotiga tayanib, Meduza xabar beradi.
Shifokorning so‘zlariga qaraganda, ularning a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish yordamida yiliga mingga yaqin hayotni qutqarib qolish mumkin.
Biroq yaqin vaqtga qadar OIV bilan kasallangan bemorlarning a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish ma’nosiz bo‘lib hisoblangan. “Ushbu a’zolar uzoq vaqt xizmat qilmasligi barchaga ma’lum edi”, — deydi shifokor Klarksen. Biroq ushbu xastalikka chalingan odamlarning yashash muddati uzaygandan so‘ng, ularning a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish mumkin, degan fikr paydo bo‘lgan.
Joriy yilning yanvar oyida A’zolarni almashish yagona tarmog‘i (United Network for Organ Sharing) tomonidan ushbu fikr ijobiy baholangandan so‘ng, Jons Xopkinsning shifoxonasi bu yo‘nalishdagi birinchi jarrohlikka tayyorgarlik ko‘rmoqda.