Rossiya sobiq bosh vaziri, Parnas partiyasi rahbari Mixail Kasyanov o‘zi snayper nishoniga olingan va Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning Instagram’dagi sahifasida joylashtirilgan videoga o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
“Buni siyosiy adovat sababli o‘ldirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid, davlat va jamoat arbobi hayotiga qasd, aholini qo‘rquvga solishi mumkin bo‘lgan harakatni amalga oshirishning oshkora bildirilishi, deb baholayman”, — deya yozgan Kasyanov Facebook’dagi sahifasida.
Muxolifatchining aytishicha, Qodirovning “mamlakatda avj olgan o‘zgacha fikrlovchilarni ta’qib etish kampaniyasi”dagi ishtiroki uchun javobgarlik prezident Vladimir Putin zimmasida.
Kasyanov huquq-tartibot idoralariga murojaat etish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.