Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiyaning Su-34 samolyoti Turkiya havo hududiga bostirib kirgani tufayli Vladimir Putin bilan uchrashmoqchi, deya xabar bermoqda “RBK”.
“Men bizning tashqi ishlar vazirimizdan janob Putin bilan shaxsan uchrashish istagimni yetkazib qo‘yishni so‘radim, — dedi Erdo‘g‘on. — Biroq hali javob olganimcha yo‘q”.
Ushbu mavzu bo‘yicha NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ham bayonot berdi. U Rossiyani Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo mamlakat havo hududi buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “barcha zarur choralarni ko‘rishga” chaqirdi.
Nashr eslatishicha, 30-yanvar, shanba kuni Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonot e’lon qildi, unda aytilishicha, 29-yanvar kuni ertalab Rossiya harbiy-havo kuchlarining Su-34 samolyoti mamlakat havo hududiga bostirib kirgan. Anqaradagilar ta’kidlashicha, samolyot ekipaji chegaraga yaqinlashayotgani haqida rus va ingliz tillarida ko‘p bora ogohlantirilgan.
Turkiya TIV hodisani Rossiyaning ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlikni kuchaytirishga qaratilgan intilishi deb atadi. Anqara “bunday xatti-harakatlar jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi, ular uchun Rossiya Federatsiyasi javobgar bo‘lishi” haqida ogohlantirdi.
Izoh (0)