Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasida 22-yanvar kuni ko‘p tarmoqli Vitamed Medical tibbiyot markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, bir qator xorijiy hamkor tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi. Ramziy tasma kesish tadbiridan so‘ng, keng jamoatchilik yangi diagnostika markazining imkoniyatlari bilan bevosita tanishib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Vitamed Medical’ning tajribali shifokorlar jamoasi mehmonlarni klinik radiologiya, laboratoriya, endoskopiya, funksional diagnostika, ambulator-poliklinik tekshiruvlar o‘tkazish va davolash, jarrohlik, statsionar davolash, fizioterapiya hamda tibbiy fizkultura, shoshilinch tibbiy xizmat bo‘limlarining ishlash jarayoni bilan tanishtirdi.
Yangi markaz jahondagi ilg‘or ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilgan, xalqaro standartlar darajasidagi yuqori axborotlashgan tibbiy-diagnostik uskunalarga ega.
Bundan tashqari, bemorlar ortiqcha qog‘ozbozliklarsiz, hujjatlarning elektron almashinuvi asosida xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bunda shifokor va bemor o‘rtasidagi har bir muloqot, davolash jarayoni elektron shaklda yig‘ilib, rasmiylashtirilib boriladi. Tekshiruv natijalari, shifokor xulosalari, davolash-tiklash muolajalari elektron formatda markaz serverida saqlanadi.
Vitamed Medical markazi Hindiston va boshqa mamlakatlarda 20 dan ortiq ixtisoslashgan bo‘limlariga ega bo‘lgan Medanta klinikasi bilan izchil hamkorlikda ish olib boradi. Shu boisdan ham yosh mutaxassislarni tayyorlash, tibbiyotning turli jabhalarida ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish ham markazning asosiy maqsadlaridan biridir.
Hozirda tibbiyot muassasasining 14 nafar xodimi o‘z sohasi bo‘yicha diagnostika, davolash va reabilitatsiya yo‘nalishlaridagi zamonaviy uslublar bilan tanishish uchun Hindistonda malaka oshirmoqda.
Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining ochilishi munosabati bilan Medanta klinikasi mutaxassislari — bolalar kardiojarrohi Munesh Tomar, neyrojarroh Adjaya Nand Ja, onkolog Vaid Ashok ishtirokida maslahat berish shaklidagi xayriya tadbiri ham bo‘lib o‘tdi.
Vitamed Medical’ning faoliyat boshlashi zamonaviy va yuqori sifatdagi ishonchli tibbiy xizmatdan foydalanishni xohlovchilar uchun katta sovg‘aga aylandi.
Murojaat uchun telefonlar:
- (+99871)-129-81-81
- (+99871)-129-82-82
Izoh (0)