O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bir qator internet-nashrlarda paydo bo‘lgan mamlakatda ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar, xususan, Telegram, Facebook va “Odnoklassniki”ning texnik hamda boshqa imkoniyatlarini cheklash masalasi ko‘rib chiqilayotganligi haqida ma’lumotlarni inkor etdi.
Harakat saytida chop etilgan xabarda mamlakatdagi muassasa va tashkilotlar, xususan, “Kamolot” tomonidan internet tarmog‘ida milliy segmentni yanada boyitish, rivojlantirish hamda foydali resurslarni ko‘paytirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotgani bildirilgan. “MIT.uz” milliy internet tanlovi, talabalar internet harakati, “Intellect2all” axborot texnologiyalari tanlovi shular jumlasidandir.
“Kamolot” bugungi kunda Facebook, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega. Shuningdek, harakat tomonidan an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng faol yosh jurnalisti” respublika tanlovida “Yilning eng yaxshi blogeri” nominatsiyasi bo‘yicha eng faol blogerlar rag‘batlantirib boriladi.
Yaqin kunlarda “Kamolot” ijtimoiy tarmoqlarda yangi loyihalarni boshlashi ma’lum qilingan, biroq uning tafsilotlari oshkor etilmagan.
Izoh (0)