“Yandeks.Tarjimon” xizmati “Uzuklar hukmdori” romanining muallifi Jon Tolkin tomonidan yaratilgan elflarning sindarin tilini tarjima qila boshladi. Bu haqda “Yandeks”ning rasmiy blogida berilgan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, xizmatni yo‘lga qo‘ygan guruh sehrli mavjudotlar ― elflarning qo‘lyozmalarini o‘rganib chiqib, O‘rtayerning qadimiy tillaridan birini tiklashga harakat qildi. Endilikda, “Yandeks.Tarjimon” masalan “Mening go‘zalim” so‘zi elf tilida qanday bo‘lishini tarjima qila oladi. Yoki bo‘lmasam aksincha, sindarin tilidagi so‘zlarni xizmatda mavjud bo‘lgan 66 ta har qanday tilga tarjima qila oladi.Ta’kidlanishicha, elf tilidan tarjima qilish xizmati angliyalik yozuvchining tug‘ilgan kunida ishga tushirildi (Jon Tolkin 1892-yil 3-yanvarda tug‘ilgan).
30-yillar boshida Tolkin o‘z farzandlari uchun “Xobbit, yoki u yerga va ortga” deb nomlangan ertak qissasini yozdi. Keyinchalik, “sun’iy” tillarni yaratishga berilib ketgan muallif qalamidan ko‘plab xalq va lahja, din va tarixga ega bo‘lgan katta O‘rtayer sehrli dunyosi paydo bo‘ldi. 50-yillarning o‘rtasida esa, Tolkinning “Uzuklar hukmdori” romani nashrdan chiqib, qisqa vaqt ichida jahonga mashhur bo‘lib ketdi.
Izoh (0)