AQShning Kaliforniya shtati, Los-Anjeles shahridagi Beverly Hilton Hotel’da bo‘lib o‘tgan “Oltin Globus” kinotelevizion mukofotining taqdirlash marosimini televizor orqali 18,5 million kishi tomosha qildi. Bu haqda AQShning Nielsen tadqiqot kompaniyasi bergan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, NBC telekanali tomonidan namoyish etilgan marosimga tegishli xabarlar Twitter ijtimoiy tarmog‘ida 518 mingga yaqin kishi tomonidan joylashtirildi, ular bilan 298,8 million foydalanuvchi tanishib chiqdi.
2015-yilda “Oltin Globus”ning taqdirlash marosimini televizor orqali 19,3 million kishi, 2014-yilda esa ― 20,9 million kishi tomosha qilib, teleko‘rsatuv uchun bu so‘nggi 10 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan edi.
Nielsen kompaniyasining ta’kidlashicha, joriy yilda ko‘pchilik amerikacha futbol o‘yinini tomosha qilishni ma’qul ko‘rganligi sababli tomoshabinlar soni kamayib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 11-yanvarga o‘tar kechasi “Oltin globus” mukofotining 73-taqdirlash marosimida 25 yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.
Izoh (0)