Xitoy hukumatining yuqori bo‘g‘ini rahbariyati oila a’zolarining yurish-turishiga e’tibor qaratishi, ularni tarbiyalashi va ular nima bilan mashg‘ul ekanligini nazorat qilishi lozim, deya bayon qildi XXR raisi Si Szinpin. Bu haqda “Interfaks” xabar qilmoqda.
Szinpin Xitoy kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining siyosiy byurosi majlisida so‘zga chiqib, byuro a’zolariga “o‘z farzandlari, boshqa oila a’zolari va qo‘l ostidagilarning tarbiyasi bilan shug‘ullanishni va ularni qattiq nazorat qilishni, yuzaga keladigan muammolarni o‘z vaqtida hal etishni” buyurdi.
Szinpinning ta’kidlashicha, rahbarlar hukmron bo‘lganliklari yoki yuqori mansabga ega ekanliklari sababli, o‘zini o‘zgalardan ustun bilish kabi hislardan yiroqda bo‘lishi kerak.
Shuningdek, hukumatning partiya, davlat va harbiy boshqarmalarida yuqori lavozimlarni egallab kelgan va korrupsiya hamda mansabni suiiste’mol qilishda ayblanib sudlangan yuqori martabali rasmiylar Chjou Yunkan, Syuy Sayxou, Go Bosyun, Lin Szixua va Bo Silayning ishlari siyosiy byuro a’zolariga “dars bo‘lishi kerak”ligi ta’kidlandi.
“Ularning qilmishini jiddiy tergov qilish va tegishlicha jazolash orqali, partiya o‘zi, mamlakati, xalqi va tarixi oldidagi mas’uliyatini namoyon qildi”, ― dedi Szinpin.
Izoh (0)