29-dekabr kuni Toshkentdagi “Versal” restoranida 24-milliy chempionat yakunlariga ko‘ra chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan 11 karra O‘zbekiston chempioni “Paxtakor” jamoasini rasmiy taqdirlash marosimi hamda Yangi yil bazmi tashkil etildi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
Jamoa a’zolariga oltin medallarni O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Farhod Magometov topshirdi.
Shundan so‘ng, alohida nominatsiyalar bo‘yicha futbolchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Yarim himoyachi Sherzod Karimovning “Lokomotiv” darvozasiga kiritgan goli mavsumning eng chiroyli goli deb topildi. Chempionat to‘purari bo‘lgan Igor Sergeyev esa “Paxtakor”ning 2015-yildagi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
Sergeyev bu yilgi mavsumda jami 50 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 34 marotaba ishg‘ol qildi. Unga klub rahbariyati tomonidan sovg‘a sifatida avtomobil kaliti topshirildi.
Bundan tashqari, marosimda yil davomida “Paxtakor” jamoasini yoritib borgan ommaviy axborot vositalari hodimlaridan bir guruhiga faxriy yorliqlar topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” Oliy liganing 2015-yilgi mavsumida chempionlikni oxirgi turda qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)