Rossiya Federatsiyasi Sport ishlari vaziri, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Vitaliy Mutko so‘nggi oylarda FIFAda bo‘lib o‘tayotgan voqealar bo‘yicha o‘zining fikr-mulohazalarini bildirdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar qilmoqda.
“Hozir FIFAni juda poraxo‘rlikka berilgan bir tashkilot sifatida ko‘rsatish harakatlari mavjud, lekin, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. FIFAning barcha qarorlari ijroiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi. O‘zining rahbarini sakkiz yil muddatga chetlashtiradigan yana boshqa bir tashkilotning nomini ayting? Hozir juda g‘alati bo‘lgan bir yo‘nalishga qarab ketilmoqda. Men FIFAning ijroiya qo‘mitasiga yetib kelsam, ikkinchi marta Janubiy Amerika futboli vakili hibsga olindi.
Biz ular bilan hattoki tanishishga ulgurmayapmiz. Men bundan buyon xalqaro tadbirlarda esdalik sifatida beriladigan ruchka, mayka va boshqa shu kabi sovg‘alarni ― birorta ayblov qo‘yilib qolmasligi uchun, olmay qo‘ydim. Shu ketishda ahmoqlikgacha borish mumkin. FIFAga 40 yillik umrini sarflagan Blatterning taqdiri bunday kechganligi sababini men tushunmayman. Shveysariyaning qonunlarida hech narsa uchun sakkiz yil berilmaydi, bu holatda esa, odam sakkiz yil muddatga futboldan uzoqlashtirildi. Bundan men juda afsusdaman”, ― dedi Mutko.
Izoh (0)