AQShda sobiq prezident Bill Klinton bolaligining ilk yillari o‘tgan uyda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “TASS” xabar qilmoqda.
Mahalliy politsiyaning ma’lum qilishicha, Arkanzas shtati, Xoup shahridagi ushbu kottejga atayin ravishda olov qo‘yilganligi gumon qilinmoqda.
1917-yilda qurilgan ikki qavatli uy ko‘p yillar davomida AQShning bo‘lg‘usi 42-prezidentining buvasi va buvisiga tegishli bo‘lib kelib, Klintonning onasi anesteziolog bo‘lish uchun o‘qishga ketganligi sababli, bola tarbiyasi bilan ular shug‘ullangan. Klintonning otasi, u tug‘ilishidan uch oy oldin, 1946-yilda halok bo‘lgan. 1994-yildan boshlab, kottej tarixiy yodgorliklar milliy ro‘yxatiga kiritilib, unda ekskursiyalar uyushtirila boshlandi.
“Bu uyda men yurishni va gapirishni, o‘qishni va ibodat qilishni o‘rganganman”, ― degan edi Klinton.
Ta’kidlanishicha, yong‘in oqibatida binoga yetkazilgan zarar jiddiy emas. Bu jinoyatni kim sodir etganligi noma’lum. Politsiyachilar mahalliy aholini so‘roqqa tutgan.
Izoh (0)