Arktikada hayvonga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lish bilan bog‘liq hodisa sodir bo‘ldi. U yerda qutbchilar oq ayiqni portlovchi paket bilan ovqatlantirdi. Natijada ayiq azoblanib halok bo‘ldi, deb xabar beradi “Vesti.ru”.
Bu jarayon videoga olinib, internetga joylangan. LifeNews telekanalining ma’lum qilishicha, ayiqqa portlovchi moddani Vrangel orolidagi qurilishda ishlovchi oshpaz bergan. Videorolikni telekanalga yuborgan muallif bu hodisani “Rusalyans” kompaniyasi xodimlari tasvirga olganligini ma’lum qilgan.
Kompaniyaning o‘zi jurnalistlarga video “provokatsiya yoki qora piar” uchun chop etilgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan. Tashkilot matbuot xizmati hozirgi paytda haqiqatan ham ushbu hodisaga “Rusalyans” xodimlarining aloqasi borligini aniqlash yuzasidan tekshirish o‘tkazilayotganligini ta’kidladi.
Shafqatsiz video ko‘pchilikni, jumladan, Tabiiy resurslar va ekologiya vazirligi rahbari Sergey Donskoyni ham g‘azablantirdi. U ushbu holat bilan shug‘ullanishni so‘rab, Bosh prokuraturaga iltimosnoma yubordi.
Shuningdek, bu hodisa bilan Tabiatdan foydalanish sohasini nazorat qilish federal xizmati ham shug‘ullanishi lozim. “Bizda oq ayiq ‘Qizil kitob’ga kiritilgan, shuning uchun ayiqning o‘ldirilishi brakonyerlik bilan tenglashtiriladi”, — dedi Tabiatni muhofaza qilish vazirligi rahbari.
Ayiqni o‘ldirgan odam uch yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Izoh (0)