Suriya muxolifati BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan tasdiqlangan va Suriya mojarosining siyosiy yechimini topish yo‘lidagi tadbirlar belgilangan rezolyutsiyani shubha bilan qabul qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar qilmoqda.
G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanib kelinayotgan Suriya muxolifat va inqilobiy kuchlarining milliy koalitsiyasi boshlig‘i Xolid al-Xo‘janing ma’lum qilishicha, mazkur rezolyutsiya inqilobiy kuchlarning Ar-Riyoddagi kelishuvi natijalariga putur yetkazib, BMTning Suriya muammosining siyosiy yechimini topish yo‘lida qabul qilgan oldingi rezolyutsiyalarining ahamiyatini kamaytiradi.
Koalitsiyaning yana bir vakili Samir Nasharning ta’kidlashicha, joylardagi haqiqiy ahvol va Bashar Asad taqdiri bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilmagani, tasdiqlangan bitimning hayotga tatbiq etish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi. Bundan tashqari, uning fikricha, Suriya Harbiy-havo kuchlari va Rossiya Harbiy-kosmik kuchlari aviahujum uyushtirishda davom etar ekan, Suriyada o‘t ochish to‘xtamaydi.
BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari, ilgari kelishilganidek, Suriyada olti oy davomida jamiyatning barcha qatlamlaridan iborat bo‘lgan muvaqqat hukumatni tashkil etish tarafdori ekanligini ma’lum qildi.
Rejaga muvofiq, Suriyadagi erkin saylovlar 18 oy ichida BMT nazorati ostida va xalqaro standartlar asosida bo‘lib o‘tishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, BMT Xavfsizlik Kengashi 18-dekabr, juma kuni bir ovozdan Suriyadagi nizolarni tartibga solishning Venadagi uchrashuvlarda shartlashilgan tamoyillarini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani qabul qilgan edi.
Izoh (0)