Yaponiyaning Government Pension Investment Fund (hukumat pensiya investitsiya fondi) 2015-yilning uchinchi choragida 64 milliard AQSh dollarini yo‘qotdi. Bu haqda Bloomberg bergan ma’lumotlarga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.
2015-yil avgust-sentabr oylarida jahon fondi bozorida qimmatli qog‘ozlar narxi tushib ketganligi bunga sabab bo‘lgan.
Fond aktivlari 5,6 foizga kamayib ketdi va bu 2008-yil aprel oyidan buyon eng jiddiy pasayish bo‘ldi. Ko‘rilgan zararning katta qismi Yaponiya va chet el kompaniyalarining aksiyalariga to‘g‘ri keldi. Chet el hukumatlari tomonidan chop etilgan davlat obligatsiyalarining narxi tushib ketganligi oqibatida fond deyarli ikki milliard AQSh dollarini yo‘qotdi. Shu bilan birga, Yaponiyaning davlat obligatsiyalari fondga 2,5 milliard dollarga yaqin daromad keltirdi.
Hukumat pensiya investitsiya fondi 1,1 trillion AQSh dollari qiymatidagi aktivlarini boshqaradi va bu borada dunyodagi eng katta fond xisoblanadi.
Izoh (0)