Pepsi kompaniyasi o‘zining Pepsi Phone smatfonini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun zarur summani yig‘ishga ulgurganicha yo‘q, holbuki, mablag‘ yig‘ish bo‘yicha dastur noyabr o‘rtalaridayoq boshlangan edi, deb yozadi “Hi-tech.mail.ru”.
Natija ekspertlarning hafsalasini pir qildi — Pepsi kampaniya yakunlanishiga bir necha kun qolganida zarur summaning yarmidan kamrog‘ini to‘plashga erishdi.
Taniqli gazli ichimlik ishlab chiqaruvchi 3-dekabrgacha 3 million yuan (taxminan 470 ming dollar) yig‘ishni o‘z oldiga maqsad qilgan edi, biroq ayni paytgacha mahalliy fuqarolar 1,3 million yuangina (200 ming dollar) xayriya qildi. Kampaniya yana uch kun davom etadi.
Xitoy bozori qurilmaga kompaniya umid qilgan darajada qiziqish bildirmadi, deb yozadi nashr.
Eslatib o‘tamiz, Pepsi Phone 5,5 dyuymli, 1920×1080 pikselli 2,5D displeyga ega bo‘ldi. Shuningdek, unda 64 bit, 1,7 GGs chastotali sakkiz yadroli MediaTek MT6792 protsessori, 2 Gb tezkor va 16 Gb doimiy xotira, 13 megapikselli asosiy va 5 megapikselli old kamera hamda 3000 mAs sig‘imga ega akkumulyator mavjud.
Slot ikkita SIM-kartadan foydalanishga mo‘ljallangan. Smartfon to‘rtinchi avlod LTE mobil tarmog‘ini “ko‘tara oladi”. Pepsi Phone’ning o‘lchamlari 152,2×76,2×7,7 mm, og‘irligi 158 grammga teng. Gadjet korpusi moviy, oltin va kumush ranglarda chiqariladi.
Smartfon, shuningdek, tobora mashhur bo‘lib borayotgan barmoq izlari skaneriga ham ega.
Izoh (0)