Estoniyaning Tartu shahrida Aura Open Cup suzish musobaqasida ikki sportchi qo‘lining barmog‘idan ayrildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
28-noyabr kuni Estoniya jamoasining a’zosi Sander Paavo 50 metrga suzish uchun startdagi ikkinchi tramplindan sakradi. 11 yildan beri suzish bilan shug‘ullanayotgan sportchi suvga tushgandan keyingina chap qo‘lining o‘rta barmog‘i uzilib, yupqa terida osilib qolganligini ko‘rdi.
29-noyabr, yakshanba kuni Aura suzish markazida yana shu kabi hodisa yuz berdi. Uchinchi tramplindan sakragan Robert Rooze ham barmog‘idan ayrildi.
Tramplinlarning texnik jihatdan yaroqsiz bo‘lganligi, natijada sportchilarning barmog‘i tirqishga tiqilib qolishi oqibatida jarohatlanganligi taxmin qilinmoqda. Baxtsiz hodisalardan so‘ng, tanaffus e’lon qilinib, tramplinlar ko‘zdan kechirildi. Musobaqalar davom etmoqda.
Tashkilotchilar musobaqadan so‘ng, hodisalarni chuqur tahlil qilishga va’da berdi.
Izoh (0)