Qarshi shahrini qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Dasturi doirasida viloyat markazini aylanib o‘tadigan, uzunligi 56 kilometrga teng halqa yo‘li qurilishi olib borilmoqda. Ayni paytda yangi yo‘lning 8 kilometrli qismida so‘nggi – yuqori qatlamni barpo etish ishlari davom etmoqda. Bu haqda “Qashqadaryo” xabar berdi.
Mutaxassislarning aytishicha, mazkur halqa yo‘li xalqaro yo‘lning bir qismi hisoblangani bois, transport vositalariga unda soatiga 120 kilometr tezlikkacha harakatlanish huquqi beriladi. Xorij tajribasidan kelib chiqib, yo‘lning o‘rtasini kesib turuvchi to‘siqlar avvalgidek temir-betondan emas, balki birinchi darajali metalldan qurilmoqda.
Yo‘lning temir yo‘l, daryo va avtomobil yo‘llari bilan kesishadigan nuqtalarida 6 ta zamonaviy yo‘l o‘tkazgich va ko‘prik qurish belgilangan. Bugungi kunga qadar 3 ta ana shunday ko‘prik qurib bitkazildi va ishga tushirildi.
Qurilish ishlari 2017-yilning oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan. Loyihaning ahamiyati shundaki, halqa yo‘l ishga tushgach, og‘ir yuk mashinalari, ko‘plab boshqa transport vositalari shaharni aylanib o‘tadigan bo‘ladi.
Izoh (0)