Chechenistonda uch nafar politsiya xodimi to‘ydagi otishma uchun ishdan bo‘shatildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Politsiyachilar ishdan bo‘shatilishiga aholi punktlaridan biridagi to‘yda mobil telefonga tushirilgan videoyozuv asos bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan yozuvda politsiyachi libosidagi uch kishini ko‘rish mumkin, ulardan biri xizmat qurolidan osmonga qarata o‘q uzgan.
“Tekshiruv davomida ular Checheniston ichki ishlar idoralari xodimi ekanligi aniqlandi. Avtomatdan o‘q uzib, do‘stlarining to‘yini nishonlamoqchi bo‘lishgan. Xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgani uchun uchchalasi ham lavozimidan ozod etildi”, — deya xabar bergan respublika ichki ishlar vazirligi vakili.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublikada to‘ylarda otishmaga yo‘l qo‘yish qat’iyan man etilgani haqida ma’lum qilgandi.
Izoh (0)