A321 samolyotining Misrdagi halokati qurbonlaridan 100 nafarining shaxsi aniqlandi. Bu haqda “RBK” Rossiya bosh vazirining o‘rinbosari Olga Golodets ma’lumotiga tayanib xabar beradi.
“Bizda bugun qancha qurbonning shaxsi aniqlanganligi haqida ma’lumot bo‘ladi, chunki ekspertiza hamon faol davom etmoqda. Bugun Sankt-Peterburgda barcha yetakchi sud-tibbiy ekspertlar yig‘ilgan. Tushunishimcha, 100 dan ortiq kishining shaxsi aniqlangan”, — deydi Olga Golodets.
U aviahalokat qurbonlari jasadida portlash alomatlari mavjud yoki mavjud emasligini sharhlashdan bosh tortdi. “Buning uchun rasmiy komissiya mavjud, rasmiy tergov olib borilmoqda. Ular buni e’lon qilishi kerak”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 31-oktabr, shanba kuni Misrda Metrojet (“Kogalimavia”) aviakompaniyasining Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan Airbus A321 layneri halokatga uchragan. Samolyot bortida bo‘lgan 224 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Izoh (0)