Oxirgi o‘n yil ichida dunyo bo‘yicha 700 dan ortiq jurnalist mojarolar va buyurtma qotillik qurboni bo‘lgan. Bu haqda “Korrespondent.net” BMT bosh kotibi Pan Gi Mun ma’lumotiga tayanib xabar beradi.
2-noyabr, dushanba kuni Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishni tugatish kuni munosabati bilan chiqishida, Pan Gi Mun bunday jazosiz qolishga chek qo‘yish va OAV xodimlarining haqiqatni gapirish huquqini ta’minlashga chaqirdi.
“Oxirgi o‘n yil ichida 700 dan ortiq jurnalist, ya’ni har besh kunda bir nafardan jurnalist bor-yog‘i jamiyatga yangilik va ma’lumotlarni yetkazganligi uchun o‘ldirilgan. Ulardan ko‘pchiligi qurolli mojarolarni yoritish davomida halok bo‘lgan. Biroq aksariyati haqiqatni oshkor qilmasligi uchun maqsadli ravishda sukut saqlashga majbur qilingan”, — deydi BMT bosh kotibi.
Uning so‘zlariga qaraganda, o‘nta shu kabi qotillikdan faqat bittasi bo‘yicha to‘liq surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Jurnalistlar o‘z hayoti uchun qo‘rqqanligidan, o‘z-o‘zini senzura qilish bilan shug‘ullanmasligi kerak”, — deb ta’kidladi Pan Gi Mun.
Izoh (0)