Milliy matbuot markazida metropoliten infratuzilmasini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda manfaatdor idora va tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston transport tizimida muhim o‘rin tutadigan Toshkent metropoliteni qulayliklar yaratish, yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Chilonzor, O‘zbekiston va Yunusobod liniyalaridan iborat Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 39 kilometrni tashkil etadi. Ushbu transport xizmatidan har kuni 160—180 ming kishi foydalanadi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-martdagi farmoyishiga muvofiq, metropoliten faoliyatini takomillashtirish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Masalan, Chilonzor liniyasida tashqi ko‘rinishi yangilangan poyezd foydalanishga topshirildi. “Toshkent metropoliteni” mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, korxona poyezdlarni modernizatsiya qilish maqsadida Toshkent yo‘lovchi vagonlari qurish va ta’mirlash zavodi bilan shartnoma tuzgan. Shartnomaga muvofiq, kapital ta’mirlash ishlaridan so‘ng oltita vagonning nafaqat tashqi, balki ichki ko‘rinishi ham yangilandi. Elektrik, pnevmatik va mexanik uskunalar to‘liq almashtirildi.
Tadbirda eskirgan relslarni almashtirish ishlari ham davom ettirilayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda Chilonzor liniyasida uzunligi 18 kilometr rels, “Hamid Olimjon” stansiyasida uch eskalator yangilandi. Metroda optik tolali kabel o‘tkazilmoqda va bu yaqin yillar ichida metropolitenda yo‘l haqini smart-karta yordamida to‘lashga o‘tish imkonini beradi.
Matbuot anjumanida joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan hududiy va tarmoqlararo sanoat forumlarida metropoliten ehtiyojlari uchun mahsulot xarid qilish bo‘yicha qiymati 2,6 milliard so‘mlik 18 shartnoma tuzilgani qayd etildi.
Izoh (0)