Sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiada o‘yinlarining g‘olib va sovrindori, ikki karra jahon chempioni, o‘zbekistonlik Oksana Chusovitina joriy yilning 23-oktabr — 1-noyabr kunlari Shotlandiyaning Glazgo shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatida ham munosib ishtirok etib, 2016-yilgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olishni maqsad qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
Agarda Oksana buni uddalasa u holda ushbu Olimpiada o‘yinlari uning faoliyatidagi yettinchisi bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, sport gimnastikasida bunday muvaffaqiyatga hali hech bir sportchi erisha olmagan. U 1992—2012-yillar davomida o‘tkazilgan yozgi Olimpiada o‘yinlarining barchasida qatnashgan dunyodagi yagona sportchi hisoblanadi.
“Hozirda mening yagona maqsadim Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdir. Olimpiada o‘yinlarida yettinchi bor qatnashish mening eng katta orzuimdir”, — deydi Chusovitina. Uning so‘zlariga qaraganda, Glazgoda u to‘rt snaryadning barchasida ishtirok etish niyatida.
Izoh (0)