O‘zbekiston dunyoda birinchilardan bo‘lib tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi loyihasini amalga oshirish guruhi rahbari Shahnoza Islomovaning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakat maishiy sektorida tabiiy gazdan foydalanuvchilarning 55 foizdan ortig‘ida gazni hisoblash asboblari o‘rnatilgan. Biroq, ma’lumotlar to‘plashni boshqarish bo‘yicha zamonaviy tizimning yo‘qligi gazdan foydalanish va hisobga olishni samarali nazorat qilish imkonini bermaydi. Tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha aynan ushbu dolzarb masalani hal qilishga qaratilgan.
Mazkur loyihani joriy qilishdan ko‘zlangan maqsad, “zangori olov”dan foydalanishni aniq, ishonchli va to‘liq hisobga olish, tabiiy gaz uzatishda talafotning oldini olish va kamaytirish, iste’molchilarning to‘lov intizomini ta’minlash imkonini beradigan yangi elektron hisobga olish uskunalarini o‘rnatish orqali tabiiy gazni hisobga olish tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.
Ayni paytda mutaxassislar poytaxtning Mirobod tumanida ushbu uskunalarni sinovdan o‘tkazmoqda. Taxminlarga ko‘ra, tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi Toshkent shahri va viloyatida 2016-yilning oxiriga qadar joriy etiladi.
Loyihaning dastlabki bosqichida Toshkent shahri va viloyatida 1 milliondan ortiq hisoblagich o‘rnatish ko‘zda tutilgan. 2016—2017-yillarda tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida joriy etiladi. 2017—2018-yillarda esa Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida, 2020-yilning oxirigacha Qaraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida ushbu tizim amaliyotga tatbiq etiladi. Mamlakat bo‘yicha jami 3,5 millionga yaqin shunday hisoblagich o‘rnatiladi.