Kaliforniya atmosfera resurslari kengashi (CARB) Germaniyaning Volkswagen konserniga ultimatum qo‘ydi. Bu haqda “Liga. Novosti” xabar bermoqda.
CARB rahbari Meri Nikolsning ma’lum qilishicha, Volkswagen “dizelli mojaro”ga aloqador avtomobillarni talab etilgan holatga keltirish yuzasidan rejalarini taqdim etishi uchun 2015 -yil noyabriga qadar vaqt bor. Aks holatda CARB Volkswagen avtomobillaridan foydalanishni ta’qiqlab qo‘yishi mumkin. Nikols, shuningdek, boshqa ishlab chiqaruvchilarning mashinalari ham qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilishini ta’kidladi.
AQSh atrof-muhitni muhofaza etish agentligi (EPA) vakili 8-oktabr, payshanba kuni Kongressda bo‘lib o‘tgan eshituvlar chog‘ida yaqin haftalar orasida muammoni hal etish variantlari paydo bo‘lishi kutilayotganini bildirgan. Konsernning Amerikadagi bo‘linmasi rahbari Maykl Xorn esa tezkor natijalarga umid qilmaslik lozimligi, vaziyatni o‘nglash uchun kamida ikki yil vaqt ketishini ta’kidlagan.
Bir necha kun avval Volkswagen kelgusi yil yanvar oyida ekologik testlar bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan 480 mingta avtomobil qaytarib olishini ma’lum qilgan.