AQSh maktablaridan birining beshinchi sinf o‘quvchisi it bolasi ustidan talashib, otasining quroli bilan sakkiz yashar qo‘shni qizchani otib tashladi. Bu haqda WBIR telekanali ma’lumotiga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Uayt Payn okrugi aholisi o‘q ovozini eshitgan hamda politsiya chaqirgan. Huquqni muhofaza qilish organi xodimlari voqea joyiga yetib kelganida, ko‘krak qismidan o‘q yeb, yerda yotgan qizchani topgan. Uni kasalxonaga olib borishdi, biroq qizchaning jonini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi.
Politsiya sherifi Bad MakKuagning ma’lum qilishicha, 11 yashar bola qizchani 12 kalibrli quroldan otib o‘ldirgan. U voqea tafsilotlariga batafsil to‘xtalmadi. Qo‘shnilarning xabar berishicha, bolalar kuchuk bolasi ustidan talashib qolgan.
Bola voyaga yetmaganlar ishi sudining birinchi bosqichida qotillikda ayblandi va hibsga olindi. Ayni damda uning biror-bir ruhiy kasalligi bor-yo‘qligi aniqlanmoqda.
Izoh (0)