Germaniya prokuraturasi Volkswagen’ning sobiq rahbari Martin Vinterkornga nisbatan tergov harakatlarini boshladi. Bu haqda, Braunshveyg shahar prokuraturasiga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, tergov avtomobillarni sotish vaqtida emission ma’lumotlarni manipulyatsiya qilish orqali xaridorlarni aldashga javobgar bo‘lgan shaxslarni aniqlashga urinadi.
Avvalroq Yevropa markaziy banki VW’ning qimmatbaho qog‘ozlarini sotib olishga vaqtincha taqiq joriy etgandi, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron esa Britaniyada VW’ning bir qator modellari savdosi taqiqlanishi haqidagi mish-mishlarni rad etishdan namoyishkorona bosh tortgandi.
Eslatib o‘tamiz, AQShning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha agentligi (EPA) Volkswagen’ni qo‘pol aldov hamda insonlar salomatligi hamda atrof-muhitga zarar yetkazishda ayblab chiqqandi. Shu munosabat bilan AQShning bir qator shtatlari prokurorlari birgalikda tergov ishlarini boshlagan.
AQShda Germaniya avtokonserniga mamlakat avtomobilsozlik tarixidagi eng katta — 18 milliard dollar miqdorida jarima solinishi mumkin.
Izoh (0)