O‘zbekistonda LUKOYL kompaniyasi boshchiligida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida qazib olingan tabiiy gazning umumiy hajmi 30 milliard kubometrni tashkil etdi. Bu haqda kompaniya o‘z press-relizida ma’lum qildi.
Ushbu hajmning asosiy qismi (85 foizga yaqini) Buxoro viloyatida joylashgan Xauzak-Shodi uchastkasiga to‘g‘ri keladi. Xauzak-Shodi uchastkasida gaz qazib olish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar 2007-yilning noyabr oyida boshlangan edi. 2011-yilda G‘arbiy Shodi uchastkasi ishga tushirildi. 2014-yilda mazkur hududda gaz qazib olish hajmini 20 foizga oshirgan qo‘shimcha siqish kompressor stansiyasi ishga tushirildi. Bugungi kunda Xauzak-Shodi uchastkasida qazib olingan gazning umumiy hajmi 25 milliarddan oshiq kubometrni tashkil etmoqda.
“Janubi-g‘arbiy Hisor” loyihasi asosida tabiiy gazni qazib olish ishlari 2011-yilning dekabr oyida boshlangan. Hisorda shu paytga qadar qazib olingan gazning umumiy hajmi taxminan besh milliard kubometrni tashkil qiladi.
2004-yildan buyon LUKOYL “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda keng qamrovli loyihalarni amalgaoshirib, mamlakatdagi eng yirik chet el sarmoyadori o‘rnini saqlab kelmoqda.
Izoh (0)